IV darajali og‘ir eshitish zaifligi - H90.3

IV darajali og‘ir eshitish zaifligi - H90.3

IV darajali og‘ir eshitish zaifligi - H90.3

Bu nima:

H90.3 — ikki tomonlama neyrosensor eshitish qobiliyati yo‘qotilishi bo‘lib, bunda muammo quloqdagi oddiy “o‘tish yo‘li”da emas, balki eshitish tizimining o‘zida — ichki quloq, eshitish nervi yoki miyaning eshitish markazlarida bo‘ladi.

IV daraja (og‘ir yoki chuqur) eshitish pasayishi — bu eshitish chegarasi taxminan 71–90 dB bo‘lgan holatdir. Bunda bola oddiy nutqni deyarli eshitmaydi, hatto yonida gapirilganda ham; faqat juda baland tovushlar (quloq yonida qichqiriq, sirena ovozi, eshikning qattiq yopilishi)ni sezishi mumkin.

 

Asosiy belgilari:

Og‘ir darajadagi eshitish pasayishiga ega bolalarda odatda quyidagi holatlar kuzatiladi:

  • Gapirayotgan odamni ko‘rmasa, ismi bilan chaqirilganda javob bermaydi.
  • Doim gapirayotgan kishiga yaqinlashadi, lablariga qaraydi va tez-tez qayta so‘raydi.
  • Nutqi kech rivojlanadi: so‘zlar kam bo‘ladi, gaplar tengdoshlariga nisbatan kech paydo bo‘ladi, nutqi noaniq, bo‘g‘inlarni “yutib yuboradi”.
  • Televizor yoki planshetni juda baland ovozda qo‘yadi, o‘zi ham boshqalarga nisbatan balandroq gapiradi.

Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda - baland tovushlarga reaksiyaning yo‘qligi, g‘o‘ldirashning yo‘qligi yoki uning so‘z boyligining kambag‘alligi kuzatiladi.

 

Ehtimoliy sabablari:

Sabablar ko‘p bo‘lishi mumkin va har doim ham bitta aniq sababni topish imkoni bo‘lavermaydi.

Tug‘ma:

·        eshitish qobiliyati pasayishining genetik shakllari, jumladan turli sindromlar tarkibida.

·        homiladorlik davrida onada bo‘lgan infeksiyalar (qizamiq, sitomegalovirus va boshqalar).

·        homilaning og‘ir gipoksiyasi, tug‘ilganda juda past tana vazni, asoratli tug‘ruq.

Orttirilgan:

·        og‘ir infeksiyalar (meningit, svinka, qizamiq va boshqalar).

·        ototoksik dorilar (eshitishga zarar yetkazuvchi dori vositalari).

·        bosh jarohatlari, kuchli akustik ta’sir, ichki quloq qon ta’minotining buzilishi.

Umumiy tamoyil: ichki quloqning tukli hujayralari va/yoki eshitish nervi shikastlangan - ular endi tovushni miyaga kerakli tarzda uzatmaydi.

Qaysi yoshda tashxis qo‘yiladi:

Yaxshi ishlaydigan skrining tizimi mavjud bo‘lsa (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va milliy dasturlar tavsiyasiga ko‘ra):

    • Eshitish qobiliyatini tug‘ruqxonadayoq tekshirish mumkin;
    • og‘ir ikki tomonlama eshitish zaifligi tashxisi 2-3 oyga kelib tasdiqlanadi;
    • reabilitatsiya (qurilmalar, implantlar, mashg‘ulotlar) hayotning 6 oyigacha boshlanadi.
  • Skrining yetarli darajada ishlamagan joylarda shubha keyinroq paydo bo‘ladi 1,5–3 yoshda paydo bo‘ladi, nutq kechikishi va tovushga “g‘alati” reaksiyalar seziladi.

Bolani qo‘llab-quvvatlash:

Bolaga mutaxassislar jamoasi kerak: surdolog, LOR shifokor, pediatr va/yoki nevrolog eshitish holatini va davolash jarayonini muntazam nazorat qilib boradi. Bolaga eshitish moslamasi yoki koxlear implant qanchalik erta berilsa, uning normal nutqga ega bo‘lish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi.

Eslab qolish muhim!

IV darajali eshitish zaifligi jiddiy holat, ammo yordam erta boshlangan bo‘lsa, bola gapirishi va o‘qishi mumkin.

6 oygacha - oltin davr: qurilmalar/implantlar va mashg‘ulotlar qanchalik erta bo‘lsa, nutq shunchalik yaxshi rivojlanadi.

- Malakali maslahatlar yashash joyi bo‘yicha davolash-profilaktika muassasalarida bolalar psixonevrologlari va logopedlar tomonidan ko‘rsatiladi.

- Pedagogik ishlar 2 yoshdan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, 7 yoshdan esa ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida olib boriladi.

- Yuqorida ko‘rsatilgan muassasalarga rasmiylashtirish uchun xulosa olish uchun “Inson” ijtimoiy markazlariga murojaat qilib, psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyadan (PTPK) o‘tish zarur.