Ko‘ruv nervi diski va makula gipoplaziyasi – Q14.2

Ko‘ruv nervi diski va makula gipoplaziyasi – Q14.2

Ko‘ruv nervi diski va makula gipoplaziyasi – Q14.2

Bu nima:

Ko‘ruv nervi diski va makula gipoplaziyasi — bu ko‘z rivojlanishining tug‘ma xususiyati bo‘lib, unda ko‘ruv nervi va to‘r pardaning markaziy qismi (makula) odatdagidan kichikroq yoki yetarli darajada rivojlanmagan bo‘ladi.

Natijada ko‘zdan miyaga boradigan axborot sustroq uzatiladi, natijada ko‘rish yengil pasayishdan tortib aniq buzilgungacha bo‘lishi mumkin. Ba’zan har bir ko‘zda ko‘rish darajasi turlicha bo‘ladi.

Asosiy belgilar:

·        ko‘rish o‘tkirligining pasayishi (yengil darajadan aniq ifodalangungacha, ba’zan ko‘rishning yo‘qolishigacha);

·        bola nigohini yaxshi fiksatsiya qilmaydi, o‘yinchoqlarga cho‘zilmasligi mumkin, uzoqdan yuz va buyumlarni “tanish” qiyinlashadi;

·        nistagm (ko‘zlarning ixtiyorsiz harakati);

·        g‘ilaylik;

·        makonda yo‘nalishni topishda qiyinchiliklar, ko‘rish yuklamasidan tez charchash;

·        ko‘z tubi tekshiruvida: ko‘ruv nervi diskining kichik va oqarib ko‘rinishi, ba’zan “ikki halqa” belgisi aniqlanadi.

Muhim: o‘ng va chap ko‘zda ko‘rish darajasi turlicha bo‘lishi mumkin.

Ehtimoliy sabablar:

Gipoplaziya homiladorlikda, ko‘rish nervi va retina shakllanayotganda yuzaga keladi. Ko‘pincha quyidagi omillar bilan bog‘liq bo‘ladi:

·        homilaning miyasiga kislorod yetishmasligi yoki qon aylanishi bilan bog‘liq zarar (surunkali gipoksiya, homiladorlikdagi og‘ir asoratlar, tug‘ruq asfiksiyasi);

·        homiladorlikdagi infektsiyalar (sito-megalo virus, toksoplazmoz, gerpes va boshqalar);

·        onaning ba’zi dorilar, alkogol, narkotik vositalar yoki chekishni qabul qilishi;

·        onaning nazoratsiz qandli diabet yoki boshqa og‘ir metabolik kasalliklari;

·        xromosomal yoki genetik sindromlar (ba’zi hollarda);

·        ba’zan aniq sabab topilmaydi (idiopatik shakl).

Muhim: Bu bolaning aybi emas va “gadjetlardan ko‘zlari buzilgan” degan gap noto‘g‘ri.

Qaysi yoshda ko‘proq tashxis qo‘yiladi:

Ko‘pincha ko‘ruv nervi gipoplaziyasi tashxisi hayotning dastlabki oylarida, odatda 1 yoshgacha qo‘yiladi. Bunga ota-onalar yoki pediatr tomonidan nistagm (ko‘zlarning titrashi), g‘ilaylik (qiyshiq qarash), nigohni to‘g‘ri fiksatsiya qila olmaslik yoki ko‘rish signallariga sust javob kabi belgilar sezilgani sabab bo‘ladi.

Ba’zan tashxis 2–6 yoshda (ko‘rish pasayishi yaqqolroq bo‘lganda), ayrim hollarda esa maktab yoshida ko‘rish o‘tkirligi tekshiruvi vaqtida aniqlanishi mumkin, agar belgilari avval kuchli namoyon bo‘lmagan bo‘lsa.

Bolani qo‘llab-quvvatlash:

Disk va makula gipoplaziyasi bolgan bolani imkon qadar erta bolalar oftalmologiga korsatish muhim (zarur bolsanevropatolog, endokrinolog yoki genetik mutaxassis). Shu orqali uning ko‘rish zaxirasi aniqlanadi va uni qanday saqlash kerakligi tushuniladi.

Ko‘zoynak va shifokor tavsiyalariga binoan davolanish, tiflopedagog va psixolog bilan ishlash ko‘zlarga “maksimum imkoniyat”ni beradi, bolaga esa normal o‘qish, o‘yin o‘ynash va o‘zini kasal emas, balki shunchaki o‘ziga xos his qilish imkonini yaratadi.

Uyda va maktabda unga quyidagilar kerak: yaxshi yorug‘lik, yirik shriftlar, kontrastli materiallar, doskaga yaqin joy va uning ko‘rishi boshqalarnikidan pastligini tushunadigan kattalar, lekin harakatlarini cheklamaydigan.

Eslab qolish muhim!

- Disk va makula gipoplaziyasi — ko‘zning tug‘ma xususiyati bo‘lib, u “o‘sib ketmaydi”;

- Bolani bolalar oftalmologi, zarur bo‘lsa nevrolog yoki endokrinolog qanchalik erta ko‘rsa, ko‘rish qobiliyatini saqlash va yaxshilash imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi;

- Bunday xususiyatga ega bola, agar sharoitlar — yaxshi yorug‘lik, sinfdagi qulay joy, yirik shriftlar va tushunarli materiallar — moslashtirilsa, normal yashashi va o‘qishi mumkin;

- Yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasalarida malakali bolalar oftalmologi, psixonevrolog va logoped maslahat beradi;

- Pedagogik yordam (tiflopedagog bilan mashg‘ulotlar) 3 yoshdan boshlab ixtisoslashtirilgan muassasalarda — maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi. Shuningdek, agar bolada ikki tomonlama ko‘rish qobiliyati buzilishi aniqlangan bo‘lsa, pedagogik yordam maktabgacha ta’lim tashkilotlarining inklyuziv guruhlari va umumta’lim muassasalarining inklyuziv sinflarida ham tashkil etiladi;

- Yuqoridagi muassasalarga rasmiylashtirish uchun psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyadan xulosa olish talab etiladi. Komissiyadan o‘tish uchun ariza “Inson” ijtimoiy markazlari orqali amalga oshiriladi.