Ko‘ruv nervi diski va makula gipoplaziyasi – Q14.2
Ko‘ruv nervi diski va makula gipoplaziyasi – Q14.2
Bu nima:
Ko‘ruv nervi diski va makula gipoplaziyasi — bu ko‘z rivojlanishining
tug‘ma xususiyati bo‘lib, unda ko‘ruv nervi va to‘r pardaning markaziy qismi
(makula) odatdagidan kichikroq yoki yetarli darajada rivojlanmagan bo‘ladi.
Natijada ko‘zdan miyaga boradigan axborot sustroq uzatiladi, natijada
ko‘rish yengil pasayishdan tortib aniq buzilgungacha bo‘lishi mumkin. Ba’zan
har bir ko‘zda ko‘rish darajasi turlicha bo‘ladi.
Asosiy belgilar:
·
ko‘rish o‘tkirligining pasayishi (yengil darajadan
aniq ifodalangungacha, ba’zan ko‘rishning yo‘qolishigacha);
·
bola nigohini yaxshi fiksatsiya qilmaydi,
o‘yinchoqlarga cho‘zilmasligi mumkin, uzoqdan yuz va buyumlarni “tanish”
qiyinlashadi;
·
nistagm (ko‘zlarning ixtiyorsiz harakati);
·
g‘ilaylik;
·
makonda yo‘nalishni topishda qiyinchiliklar, ko‘rish
yuklamasidan tez charchash;
·
ko‘z tubi tekshiruvida: ko‘ruv nervi diskining kichik
va oqarib ko‘rinishi, ba’zan “ikki halqa” belgisi aniqlanadi.
Muhim: o‘ng va chap ko‘zda ko‘rish darajasi turlicha bo‘lishi mumkin.
Ehtimoliy sabablar:
Gipoplaziya homiladorlikda, ko‘rish nervi va
retina shakllanayotganda yuzaga keladi. Ko‘pincha quyidagi omillar bilan
bog‘liq bo‘ladi:
·
homilaning miyasiga kislorod yetishmasligi yoki qon
aylanishi bilan bog‘liq zarar (surunkali gipoksiya, homiladorlikdagi og‘ir
asoratlar, tug‘ruq asfiksiyasi);
·
homiladorlikdagi infektsiyalar (sito-megalo virus, toksoplazmoz,
gerpes va boshqalar);
·
onaning ba’zi dorilar, alkogol, narkotik vositalar yoki
chekishni qabul qilishi;
·
onaning nazoratsiz qandli diabet yoki boshqa og‘ir metabolik
kasalliklari;
·
xromosomal yoki genetik sindromlar (ba’zi hollarda);
·
ba’zan aniq sabab topilmaydi (idiopatik shakl).
Muhim: Bu bolaning aybi
emas va “gadjetlardan ko‘zlari buzilgan” degan gap noto‘g‘ri.
Qaysi yoshda ko‘proq tashxis qo‘yiladi:
Ko‘pincha ko‘ruv nervi gipoplaziyasi tashxisi hayotning dastlabki
oylarida, odatda 1 yoshgacha qo‘yiladi. Bunga ota-onalar yoki pediatr tomonidan
nistagm (ko‘zlarning titrashi), g‘ilaylik (qiyshiq qarash), nigohni to‘g‘ri
fiksatsiya qila olmaslik yoki ko‘rish signallariga sust javob kabi belgilar
sezilgani sabab bo‘ladi.
Ba’zan tashxis 2–6 yoshda (ko‘rish pasayishi yaqqolroq bo‘lganda), ayrim
hollarda esa maktab yoshida ko‘rish o‘tkirligi tekshiruvi vaqtida aniqlanishi
mumkin, agar belgilari avval kuchli namoyon bo‘lmagan bo‘lsa.
Bolani qo‘llab-quvvatlash:
Disk va makula gipoplaziyasi bo‘lgan bolani imkon qadar erta bolalar oftalmologiga ko‘rsatish muhim (zarur bo‘lsa — nevropatolog, endokrinolog yoki genetik mutaxassis). Shu orqali uning ko‘rish zaxirasi aniqlanadi va uni
qanday saqlash kerakligi tushuniladi.
Ko‘zoynak va shifokor tavsiyalariga binoan davolanish, tiflopedagog va
psixolog bilan ishlash ko‘zlarga “maksimum imkoniyat”ni beradi, bolaga esa
normal o‘qish, o‘yin o‘ynash va o‘zini kasal emas, balki shunchaki o‘ziga xos
his qilish imkonini yaratadi.
Uyda va maktabda unga quyidagilar kerak: yaxshi yorug‘lik, yirik
shriftlar, kontrastli materiallar, doskaga yaqin joy va uning ko‘rishi
boshqalarnikidan pastligini tushunadigan kattalar, lekin harakatlarini
cheklamaydigan.
Eslab qolish muhim!
- Disk va makula gipoplaziyasi — ko‘zning tug‘ma xususiyati bo‘lib, u “o‘sib
ketmaydi”;
- Bolani bolalar oftalmologi, zarur bo‘lsa nevrolog yoki endokrinolog
qanchalik erta ko‘rsa, ko‘rish qobiliyatini saqlash va yaxshilash imkoniyati
shunchalik yuqori bo‘ladi;
- Bunday xususiyatga ega bola, agar sharoitlar — yaxshi yorug‘lik,
sinfdagi qulay joy, yirik shriftlar va tushunarli materiallar — moslashtirilsa,
normal yashashi va o‘qishi mumkin;
- Yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasalarida malakali bolalar
oftalmologi, psixonevrolog va logoped maslahat beradi;
- Pedagogik yordam (tiflopedagog bilan mashg‘ulotlar) 3 yoshdan boshlab
ixtisoslashtirilgan muassasalarda — maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda
ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi. Shuningdek, agar bolada ikki tomonlama ko‘rish qobiliyati buzilishi
aniqlangan bo‘lsa, pedagogik yordam maktabgacha
ta’lim tashkilotlarining inklyuziv guruhlari va umumta’lim muassasalarining inklyuziv sinflarida ham tashkil
etiladi;
- Yuqoridagi muassasalarga rasmiylashtirish uchun
psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyadan xulosa olish talab etiladi. Komissiyadan
o‘tish uchun ariza “Inson” ijtimoiy markazlari orqali amalga
oshiriladi.