Mikrokornea — Q13.1

Mikrokornea — Q13.1

Mikrokornea — Q13.1

Bu nima

Mikrokornea — tug‘ma anomaliya bo‘lib, unda ko‘zning oldingi shaffof qismi — shox parda me’yoridan kichik bo‘ladi.

Bolalarda shox pardaning normal diametri odatda 11–12 mm ni tashkil etadi. Mikrokorneada esa bu ko‘rsatkich 10 mm yoki undan kam bo‘ladi.

Mikrokornea quyidagi ko‘rinishlarda uchraydi:

- izolyatsiyalangan shakl — ko‘z olmasi normal, faqat shox parda kichik;

- mikroftalm tarkibida — butun ko‘z olmasi kichraygan bo‘ladi.

Asosiy belgilari

Ota-onalar payqashi mumkin:

- ko‘zlar biroz kichik yoki tor ko‘rinadi, ba’zan assimetriya;

- bola ko‘zlarini qisadi, buyumlarni yaqin olib keladi;

- tez-tez adashadi yoki nishonni aniq ushlay olmaydi;

- kattaroq yoshda — “tuman”, xiralashgan ko‘rish, ko‘z charchashi;

- uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik, g‘ilaylik, ba’zan nistagm.

Oftalmolog aniqlaydi:

- shox parda diametrining kichikligi;

- qo‘shimcha anomaliyalar (koloboma, shox parda yoki gavhar xiralashuvi);

- oldingi kamera burchagining tor yoki yopiq bo‘lishi;

- glaukoma va katarakta rivojlanish xavfi.

Mumkin bo‘lgan sabablari

Ko‘pincha mikrokornea homiladorlik davrida shakllanadi:

Genetik omillar:

- irsiylik (autosom-dominant yoki retsessiv);

- sindromlar (Ehlers–Danlos, Marfan, Riger, Norri va boshqalar).

Homila rivojlanishidagi buzilishlar:

- intrauterin infeksiyalar;

- alkogol, giyohvand moddalar, ayrim dori vositalari;

- radiatsiya va kimyoviy ta’sirlar.

Kam hollarda — og‘ir kasallik yoki jarohatdan keyin rivojlanadi.

Qaysi yoshda ko‘proq tashxis qo‘yiladi

Tug‘ilganda yoki hayotning birinchi yilida — neonatolog va bolalar oftalmologi ko‘rigida aniqlanadi.

Yengil shakllari esa 3–6 yoshda, bola ilk bor ko‘rish tekshiruvidan o‘tkazilganda yoki ko‘zoynak tanlash jarayonida aniqlanishi mumkin.

Bolani qo‘llab-quvvatlash

Bolani muntazam ravishda bolalar oftalmologi ko‘rigidan o‘tkazish va ko‘z ichki bosimini nazorat qilish;

To‘g‘ri tanlangan ko‘zoynak yoki linzalardan foydalanish, belgilangan apparat davolash muolajalarini bajarish;

Asoratlar (glaukoma, katarakta va boshqalar) rivojlanganda jarrohlikni kechiktirmaslik;

Bola bilan muntazam ravishda ko‘rish mashqlarini (ko‘z gimnastikasi) bajarish;

Uy sharoitida ko‘zlarni asrash, ko‘rish o‘yinlarini qisqa va me’yorida tashkil etish, ortiqcha zo‘riqtirmaslik;

Bog‘cha yoki maktabda bolani doskaga yaqin joylashtirish, pedagogni bolaning ko‘rish xususiyatlari haqida xabardor qilish.

Muhim eslatmalar!

Mikrokornea — hukm emas va har doim ko‘rlikka olib kelmaydi. Erta aniqlash va to‘g‘ri davolash bilan ko‘plab bolalar yaxshi ko‘ra oladi, oddiy maktablarda o‘qiydi va faol hayot kechiradi.

Asosiy xavf — glaukoma va boshqa asoratlar. Ular uzoq vaqt og‘riqsiz kechib, sekin-asta ko‘rishni yomonlashtirishi mumkin. Shu sababli oftalmolog nazorati majburiy.

O‘zbilarmoncha tomchilar va xalqona usullar qat’iyan mumkin emas. Faqat shifokor belgilagan davolash sxemalariga amal qilish kerak.

Ikkinchi ko‘zni asrash juda muhim: sport bilan shug‘ullanganda himoya vositalaridan foydalanish, har qanday ko‘z muammosini o‘z vaqtida davolash.

Oila va shifokor qanchalik erta va hamjihatlikda harakat qilsa, bolaning ko‘rishini saqlab qolish, o‘ziga ishongan, faol va mustaqil bo‘lib ulg‘ayish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi.

Yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasalarida malakali bolalar oftalmologi, psixonevrolog va logoped maslahat beradi.

Pedagogik yordam (tiflopedagog bilan mashg‘ulotlar) 3 yoshdan boshlab ixtisoslashtirilgan muassasalarda — maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.

Yuqoridagi muassasalarga rasmiylashtirish uchun psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyadan xulosa olish talab etiladi. Komissiyadan o‘tish uchun ariza “Inson” ijtimoiy markazlari orqali amalga oshiriladi.