Koʻruv nervi atrofiyasi – H47.2
Koʻruv nervi atrofiyasi – H47.2
Bu nima:
Ko‘rish nervi – bu “kabel” bo‘lib, u orqali
to‘r pardaning tasviri miyaga yetkaziladi.
Ko‘ruv nervi atrofiyasi – bu “kabel”
tolalarining bir qismi nobud bo‘lib, o‘rniga biriktiruvchi to‘qima paydo
bo‘lishidir.
·
Agar tolalarning faqat bir qismi shikastlansa, qisman atrofiya deyiladi: ko‘rish
pasayadi, lekin yo‘qolmaydi.
·
Agar deyarli barcha tolalar nobud bo‘lsa, ko‘rishning jiddiy buzilishi yoki ko‘rlik
yuzaga kelishi mumkin.
Muhimi: allaqachon o‘lgan
tolalarni tiklab bo‘lmaydi. Shifokorlarning vazifasi – jarayonni to‘xtatish va
hali ishlayotgan tolalarni saqlab qolishdir.
Asosiy belgilar:
Kichik
chaqaloqlar va bolalarda:
·
Bola diqqatini yaxshi jamlay olmaydi, onaning yuzi
yoki o‘yinchoqlar yonidan “sirg‘anib” o‘tib ketadi
·
Yorqin narsalarga qo‘l cho‘zmaydi, ko‘pincha mebel
yoki eshik romlariga uriladi;
·
Nistagmus bo‘lishi mumkin – ko‘zlar “silkinadi”,
harakatlanadi;
·
qorachiq yorug‘likka reaksiya qiladi, lekin ba’zan
reaksiya susayadi;
·
shifokor ko‘rikdan o‘tkazganda ko‘z tubida ko‘rish
nervining rangpar diski ko‘rinadi.
4–5 yoshdan katta bolalarda:
·
“Uzoq yoki yaqin ko‘ra olmayman” degan shikoyatlar,
ko‘zoynak kutgan natijani bermaydi;
·
Ko‘rish maydonining markazida yoki chetida “tuman,
dog‘ yoki teshik” his qilinadi;
·
Chiroq past bo‘lganda yoki quyosh botishida yo‘nala
olmaydi;
·
Ranglarni (qizil/yorqin yashil, ko‘k) aniqlash
qiyinlashadi;
·
Ko‘zlar tez charchaydi, o‘qish va o‘rganish paytida
bosh og‘rishi paydo bo‘ladi.
Muhim: Ko‘rishning har
qanday barqaror yomonlashishi, ayniqsa bir ko‘zda bo‘lsa, bolani darhol bolalar oftalmologiga,
ko‘pincha nevrologga
ko‘rsatish zarur.
Ehtimoliy sabablar:
Tug‘ma yoki erta paydo bo‘lgan:
·
Genetik sindromlar va nasliy neyropatiyalar
·
Tug‘ruq paytida og‘ir gipoksiya va asfiksiya
·
Homiladorlikda
ichki infektsiyalar (TORCH)
·
Miya
rivojlanishidagi nuqsonlar
·
Gidrosefaliya (miya suyuqligi ortishi)
Orttirilgan (keyinchalik paydo
bo‘lgan) sabablar:
·
Optik nevrit
·
Uzoq davom etgan
yuqori bosh yoki ko‘z ichidagi bosim (shu jumladan glaukoma)
·
Miya yoki ko‘z orbitalaridagi o‘sma
·
Qon tomir falokatlari (tromb, og‘ir anemiya, katta qon
yo‘qotish)
·
Bosh jarohatlari
·
Og‘ir
zaharlanishlar
·
Sistemsiz
autoimmun yoki metabolik kasalliklar
Muhim: Ko‘ruv nervi
atrofiyasi deyarli har doim boshqa jiddiy muammoning natijasidir. Shu sababli,
asosiy sababni aniqlash va birinchi navbatda davolash zarur.
Qaysi yoshda diagnostika ko‘proq qo‘yiladi?
Bu ko‘pincha sababga bog‘liq:
·
Tug‘ma
shakllar – hayotning ilk oylarida yoki 2–3 yoshgacha seziladi. Bola ko‘rishni boshidan yaxshi amalga oshirmaydi.
·
Olingan
(keyinchalik paydo bo‘lgan) shakllar – odatda 3–4 yoshdan 10–12
yoshgacha aniqlanadi. Bola ko‘rish bilan bog‘liq shikoyatlar bildiradi va
bog‘cha yoki maktabdagi faoliyatida qiyinchiliklar paydo bo‘ladi.
·
O‘smirlar – zaharlanishlar,
skleroz, o‘sma va boshqa kasalliklar natijasida aniqlanishi mumkin.
Muhim: Ko‘rish pasayishi
va uning sababini iloji boricha erta aniqlash – ko‘ruv nervi funksiyasini
saqlash imkoniyatini oshiradi.
Bolani qo‘llab-quvvatlash
Ko‘ruv nervi atrofiyasi bo‘lgan bolani
qo‘llab-quvvatlash bir qator bosqichlardan iborat: avvalo oftalmolog va
nevrolog ko‘rigini kechiktirmaslik, keyin sababni davolash va nervni
qo‘llab-quvvatlash (dori-darmonlar, fizioterapiya), shundan so‘ng hayot va
o‘qishni ko‘rishga moslashtirish (ko‘zoynak, yorug‘lik, katta shrift,
mutaxassislar yordami). Har bir bosqichda eng muhimini yodda tutish – bola
“ko‘z kasalligi” emas, oddiy bola, unga ayniqsa sizning ishonchingiz va
tinchligingiz kerak.
Muhim eslatmalar!
- Ko‘ruv nervi atrofiyasi
(H47.2) – jiddiy signal hisoblanadi. Ko‘rishning yomonlashishini erta aniqlash,
bolani tezkor tekshiruvdan o‘tkazish va sababni davolash muhim, “o‘zi o‘tib
ketadi” deb kutmaslik kerak.
- Qisman atrofiyada ko‘rish
ko‘pincha bir necha yil davomida barqaror saqlanishi mumkin, agar barcha
chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilsa.
- “Mo‘jizaviy” tomchilar va
oziqaviy qo‘shimchalar (BOD) oftalmolog va nevrolog o‘rnini bosa olmaydi.
Bolalar bog‘cha va maktabda maxsus yordam va moslashtirishga haqlidir.
- Yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasalarida malakali bolalar
oftalmologi, psixonevrolog va logoped maslahat beradi.
- Pedagogik yordam (tiflopedagog bilan mashg‘ulotlar) 3 yoshdan boshlab
ixtisoslashtirilgan muassasalarda — maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda
ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
- Yuqoridagi muassasalarga
rasmiylashtirish uchun psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyadan xulosa olish
talab etiladi. Komissiyadan o‘tish uchun ariza “Inson” ijtimoiy markazlari orqali amalga
oshiriladi.