Mikroftalm — Q11
Mikroftalm — Q11
Bu nima
Mikroftalm — tug‘ma yoki erta davrda rivojlanadigan holat bo‘lib, bunda ko‘z olmasi me’yoriga nisbatan sezilarli darajada kichik bo‘ladi.
Asosiy belgilari
Ota-onalar payqashi mumkin:
- ko‘zning kichik yoki o‘zgacha shaklda ko‘rinishi;
- ko‘z yorig‘ining torligi, yuz assimetriyasi;
- ko‘zdan yosh oqishi, ko‘zini tez-tez ishqalash;
- koloboma, g‘ilaylik, nistagm kabi qo‘shimcha holatlar.
Ikki tomonlama bo‘lsa:
- bola makonda mo‘ljal olishda qiynaladi;
- buyumlarga aniq yetmaydi;
- ularni juda yaqin olib keladi.
Mumkin bo‘lgan sabablari:
Ko‘pincha mikroftalm homila davrida shakllanadi:
- genetik mutatsiyalar va sindromlar;
- TORCH-infeksiyalar;
- teratogen omillar (alkogol, dorilar, radiatsiya);
- amniotik tortilishlar.
Kam hollarda tug‘ilgandan keyin rivojlanadi (infeksiyalar, retinopatiya, operatsiyalar).
Qaysi yoshda ko‘proq tashxis qo‘yiladi
- tug‘ilganda yoki hayotning ilk haftalarida;
- dastlabki oylarida qo‘shimcha tekshiruvlar bilan aniqlashtiriladi.
Tashxisni bolalar oftalmologi qo‘yadi, imkon qadar ixtisoslashgan markazda.
Bolani qo‘llab-quvvatlash
Bolani muntazam ravishda bolalar oftalmologi ko‘rigidan o‘tkazish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlarni nazorat qilish.
To‘g‘ri tanlangan ko‘zoynaklardan foydalanish, agar ikkinchi ko‘z yaxshiroq ko‘rsa, “dangasa ko‘z”ni (ambliopiya) davolash.
Zarurat bo‘lsa, jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish va/yoki yuzning simmetrik rivojlanishi uchun kosmetik protez qo‘yish.
Uy sharoitida ko‘rishni rivojlantiruvchi o‘yinlarga e’tibor berish: yorqin va kontrastli o‘yinchoqlar, buyumlarni topish, “ushla–tort” kabi mashg‘ulotlar.
Bolani emotsional jihatdan doimiy qo‘llab-quvvatlash.
Muhim eslatma:
Mikroftalm — bu hukm emas, balki ko‘z rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatidir. Ko‘rish qobiliyatini har doim ham to‘liq tiklash imkoni bo‘lmasligi mumkin, biroq quyidagilarni amalga oshirish muhim:
- mavjud ko‘rish imkoniyatidan maksimal darajada foydalanish;
- asoratlarning oldini olish;
- yuz simmetriyasi va bolaning sog‘lom rivojlanishini ta’minlash.
Bolaning qanchalik erta bolalar oftalmologi ko‘rigidan o‘tishi va davolash yoki protezlash ishlari boshlansa, uning faol, o‘ziga ishongan bo‘lib ulg‘ayishi, tengdoshlari bilan birga o‘qishi va mustaqil hayot kechirish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi.
Malakali yordam yashash joyidagi bolalar oftalmologlari tomonidan ko‘rsatiladi;
Pedagogik yordam (tiflopedagog bilan mashg‘ulotlar) 3 yoshdan boshlab ixtisoslashtirilgan muassasalarda amalga oshiriladi;
Muassasalarga joylashtirish uchun psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyadan o‘tish zarur. Buning uchun “Inson” ijtimoiy markazlariga murojaat qilinadi.