Ikki tomonlama neyrosensor karlik - H90.3
Ikki tomonlama neyrosensor karlik - H90.3
Bu nima:
H90.3 tashxisi bolada ikki tomonlama og‘ir neyrosensor eshitish yo‘qotilishi borligini bildiradi (amalda — karlik).
Bu shuni anglatadiki:
- bola quloq yonida juda baland ovozda gapirilsa ham eshitmaydi;
- faqat juda kuchli tovushlar va vibratsiyalarni sezishi mumkin
(samolyot shovqini, beton sindirgich va shunga o‘xshashlar).
Bu holatda tovush o‘tadigan “yo‘l” emas, balki eshitish tizimining o‘zi — ichki quloq, eshitish nervi yoki miyaning eshitish markazlari zararlangan bo‘ladi.
Shu sababli bola nutqni eshitmagani uchun uni tabiiy ravishda o‘zlashtira olmaydi.
Asosiy belgilari:
Chaqaloq va kichik yoshdagi yosh bolalarda:
- baland tovushlarga, ovozga, orqadan qarsak chalishga reaksiya yo‘q;
- g‘uvillash va chug‘urlash juda kam yoki tezda yo‘qolib ketadi;
- 1 yoshga kelib oddiy ma’noli so‘zlar («ona», «ber») paydo bo‘lmaydi;
Kattaroq bolalarda:
- gapirayotgan odamni ko‘rmasa, javob bermaydi;
- hatto baland nutqni ham tushunmaydi, mimika, imo-ishora va labdan o‘qishga tayanadi;
- nutq umuman bo‘lmaydi yoki buzilgan bo‘ladi (so‘z boyligi juda kam, so‘zlar noaniq).
Ehtimoliy sabablari:
Asosiy tug‘ma sabablar - genlar, homiladorlik paytidagi infeksiyalar, og‘ir gipoksiya va tug‘ilganda tana vazni juda past;
Orttirilgan sabablardan - meningit (miya pardalarining infeksion yallig‘lanishi) va boshqa og‘ir miya infeksiyalari, ototoksik dorilar/
Ba’zan, hatto to‘liq tekshiruvlardan so‘ng ham aniq sabab aniqlanmasligi mumkin — bu kimningdir xatosi emas, balki zamonaviy tibbiyotdagi holatdir.
Qaysi yoshda tashxis qo‘yiladi:
- barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyati skriningi - 1 oygacha;
- tasdiqlovchi audiologik diagnostikasi - 3 oygacha;
- reabilitatsiyaning boshlanishi (eshitish moslamalari/koxlear implantatsiya, mashg‘ulotlar) - 6 oygacha.
Bu holatda karlik hayotning dastlabki oylaridayoq, nutq kechikishi sezilmasdan oldin aniqlanadi.
Agar skrining o‘tkazilmasa yoki qamrov past bo‘lsa, tashxis ko‘pincha kechroq - 1,5–3 yoshda qo‘yiladi, bola eshitmayotgani va gapirmayotgani aniq bo‘lganida.
Bolani qo‘llab-quvvatlash:
Bolaga mutaxassislar jamoasi kerak: surdolog + LOR + nevrolog/pediatr (ba’zan genetik).
Og‘ir karlik holatida asosiy yordam — koxlear implantatsiya, mkon qadar 2–3 yoshgacha amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Uy sharoitida - bola bilan yuzma-yuz gaplashing, imo-ishoralar, mimika, rasmlardan foydalaning, imo-ishora tilidan qo‘shimcha “aloqa ko‘prigi” sifatida foydalanish mumkin.
Eslab qolish muhim!
Erta tashxis qo‘yish, koxlear implantatsiya va tizimli mashg‘ulotlarda bola gapirishi, o‘qishi, muloqot qilishi, oddiy bog‘cha va maktabga borishi mumkin.
Malakali maslahatlar yashash joyi bo‘yicha davolash-profilaktika muassasalarida bolalar psixonevrologlari va logopedlar tomonidan ko‘rsatiladi.
Mazkur muassasalarga yo‘naltirish uchun xulosa olish maqsadida “Inson” ijtimoiy markazlari orqali psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyadan o‘tish zarur.